JSX o’zi nima?
1-bo’limda biz React va uning kelib chiqish tarixi haqida bilib oldik, shuningdek, uni zamonining boshqa mashhur JavaScript kutubxona va freymvorklari bilan taqqosladik. Biz React’ning haqiqiy qiymatini va nima uchun u shunchalik mashhur bo’lganini tushundik.
2-bo’limda esa biz JSX haqida o’rganamiz. JSX bu JavaScript uchun sintaksis kengaytmasi bo’lib, bizga JavaScript kodida HTML’ga o’xshash kod yozishga imkon beradi. React ilk bor 2013 yilda joriy qilinganda, odamlar birinchi bo’lib JSX’ga ko’plab tanqidlar yog’dirgan edi. Shu sababli, dastlabki bo’limlarda JSX’ni batafsil o’rganish mantiqan to’g’ri bo’ladi. Shunday qilib, keling, bu sintaksis kengaytmasini, uning qanday ishlashini va qanday qilib o’z kodimizni yaratishimiz mumkinligini ko’rib chiqamiz.
Birinchi navbatda, JSX nimani anglatishini tushunaylik. Biz allaqachon JS — JavaScript ekanligini bilamiz. Shunday qilib, JSX “JavaScript X” degan ma’noni anglatadimi? Masalan, Mac OS X singari. Yoki JSX “JavaScript Xtra” degan ma’noni bildiradimi? Bularni oldindan taxmin qilish oson bo’lishi mumkin, lekin JSX’dagi X harfi JavaScript Sintaksis Kengaytmasi(JavaScript Syntax eXtension) ni bildiradi. Ba’zida uni JavaScript XML deb ham atashadi.