1-bob. Fundamental modellar asosida SI ilovalarini yaratish

2020-yildan keyingi sun'iy intellekt davrini birgina so'z bilan ifodalash kerak bo'lsa, men "miqyos" degan bo'lardim. ChatGPT, Google Gemini va Midjourney kabi dasturlar ortida turgan sun'iy intellekt modellari shunday ulkan miqyosga yetdiki, ular dunyo elektr energiyasining sezilarli qismini iste'mol qilmoqda va biz ularni o'qitish uchun internetdagi ochiq ma'lumotlar zaxirasi tugab qolishi xavfi bilan yuzma-yuz turibmiz.

Sun'iy intellekt modellarining bu kabi kengayishi ikkita asosiy oqibatga olib keldi. Birinchidan, modellar yanada qudratliroq bo'lib, ko'proq vazifalarni bajara oladigan bo'lmoqda, bu esa o'z navbatida ko'proq dasturlarning paydo bo'lishiga yo'l ochmoqda. Tobora ko'proq odamlar va jamoalar sun'iy intellektdan unumdorlikni oshirish, iqtisodiy qiymat yaratish va hayot sifatini yaxshilashda foydalanmoqda.

Ikkinchidan, katta til modellarini (LLM) o'qitish shunday ma'lumotlar, hisoblash resurslari va ixtisoslashgan mutaxassislarni talab qiladiki, bunga sanoqli tashkilotlargina qurbi yetadi. Bu esa yangi bir yo'nalish — "xizmat sifatida taqdim etiluvchi model" (model as a service)ning paydo bo'lishiga olib keldi. Unga ko'ra, o'sha sanoqli tashkilotlar tomonidan yaratilgan modellar boshqalarga xizmat sifatida taqdim etiladi. Endi sun'iy intellektdan foydalanib dastur yaratishni istagan har bir kishi bu modellardan foydalanishi mumkin va buning uchun model yaratishga oldindan sarmoya kiritishiga hojat qolmaydi.

Qisqacha aytganda, SI dasturlariga bo'lgan talab ortdi, ularni yaratish uchun kirish to'sig'i esa pasaydi. Bu esa sun'iy intellekt muhandisligini, ya'ni, tayyor modellar asosida dasturlar yaratish jarayonini, eng tez rivojlanayotgan muhandislik yo'nalishlaridan biriga aylantirdi.

Mashinaviy ta'lim (ML) modellariga asoslangan dasturlar yaratish yangilik emas. LLM'lar shuhrat qozonishidan ancha oldin ham sun'iy intellekt mahsulotlarni tavsiya qilish, firibgarlikni aniqlash va mijozlarning ketib qolishini bashorat qilish kabi ko'plab dasturlarning asosini tashkil etgan. Garchi SI dasturlarini amaliyotga joriy etishning ko'plab tamoyillari o'zgarishsiz qolayotgan bo'lsa-da, yangi avlod keng miqyosli, tayyor modellar yangi imkoniyatlar va yangi qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda va aynan shu masalalar ushbu kitobning diqqat markazida bo'ladi.

Ushbu bob sun'iy intellekt muhandisligining misli ko'rilmagan yuksalishiga asosiy turtki bo'lgan fundamental modellar sharhidan boshlanadi. So'ngra men bir qator muvaffaqiyatli SI qo'llanish holatlarini muhokama qilaman, ularning har biri SI nimalarga qodir-u, nimalarda hali oqsayotganini ko'rsatib beradi. SI imkoniyatlari kundan-kunga kengayib borayotgani sari, uning kelajakdagi salohiyatini bashorat qilish tobora qiyinlashmoqda. Shunga qaramay, mavjud dastur andozalari bugungi kundagi imkoniyatlarni ochib berishga yordam beradi va kelajakda SI'dan qanday foydalanish mumkinligi haqida ishoralar beradi.

Bob yakunida men yangi SI stekining umumiy sharhini taqdim etaman, jumladan, fundamental modellar paydo bo'lishi bilan nimalar o'zgargani, nimalar o'zgarishsiz qolgani va bugungi SI muhandisining roli an'anaviy ML muhandisinikidan qanday farq qilishi haqida so'z yuritaman.1

  1. Ushbu kitobda men fundamental modellardan oldin barcha ML`ga murojaat qilish uchun an'anaviy ML'dan foydalanaman.