Fundamental modellar: Ishlatilish senariylari
Agar siz hali SI dasturlarini yaratmayotgan bo'lsangiz, umid qilamanki, avvalgi bo'lim sizni buning uchun ayni vaqti ekanligiga ishontirdi. Agar xayolingizda o'ylab yurgan biror dastur bo'lsa, "SI dasturlarini rejalashtirish" bo'limiga o'tib ketishingiz mumkin. Agar ilhom izlayotgan bo'lsangiz, ushbu bo'limda sohada o'zini isbotlagan va istiqbolli ishlatilish senariylarining keng doirasi yoritiladi.
Fundamental modellar yordamida yaratishingiz mumkin bo'lgan ehtimoliy dasturlar soni cheksizdek tuyuladi. Qanday ishlatilish senariysini o'ylamang, katta ehtimol bilan buning uchun ham biror SI mavjud.1 SI uchun barcha ehtimoliy ishlatilish senariylarini sanab o'tishning iloji yo'q.
Ishlatilish senariylarini tasniflash
Hatto bu ishlatilish senariylarini tasniflashga urinishning o'zi ham qiyin, chunki turli so'rovnomalar turli tasniflardan foydalanadi. Masalan, Amazon Web Services (AWS) korporativ generativ SI ishlatilish senariylarini uchta guruhga ajratgan: mijozlar tajribasi, xodimlar unumdorligi va jarayonlarni optimallashtirish. 2024-yilda o'tkazilgan O'Reilly so'rovnomasi esa ishlatilish senariylarini sakkizta toifaga bo'lgan: dasturlash, ma'lumotlar tahlili, mijozlarni qo'llab-quvvatlash, marketing matnlari, boshqa matnlar, tadqiqot, veb-dizayn va san'at.
Deloitte kabi ba'zi tashkilotlar ishlatilish senariylarini qiymatni yuzaga chiqarish (value capture) bo'yicha tasniflagan, masalan, xarajatlarni kamaytirish, jarayonlar samaradorligi, o'sish va innovatsiyalarni tezlashtirish. Qiymatni yuzaga chiqarish borasida Gartner'da biznes uzluksizligi (business continuity) degan toifa ham bor, ya'ni, agar tashkilot generativ SI'ni joriy etmasa, u biznesdan chiqib ketishi mumkin. "Gartner" 2023-yilda so'rov o'tkazgan 2500 nafar rahbarning 7 foizi generativ SI'ni joriy etishga turtki sifatida aynan biznes uzluksizligini keltirgan.
Kasblarning SI ta'siriga uchrovchanligi
Eloundou va boshqalarning (2023) turli kasblarning SI ta'siriga qanchalik uchragani haqida ajoyib tadqiqoti mavjud. Ular biror vazifani, agar SI va SI'ga asoslangan dasturiy ta'minot bu vazifani bajarish uchun zarur bo'lgan vaqtni kamida 50% ga qisqartira olsa, "ta'sir ostida" deb ta'riflaganlar. Biror kasbning 80% ta'sir ostida ekanligi, shu kasb vazifalarining 80%i ta'sir ostida ekanligini anglatadi. Tadqiqotga ko'ra, 100% yoki 100% ga yaqin ta'sir ostida bo'lgan kasblarga og'zaki va yozma tarjimonlar, soliq deklaratsiyalarini tayyorlovchilar, veb-dizaynerlar va yozuvchilar kiradi. Ularning ba'zilari 1-2-jadvalda ko'rsatilgan. Ajablanarli bo'lmagan jihati shundaki, SI ta'siriga umuman uchramagan kasblarga oshpazlar, tosh yo'nuvchilar va sportchilar kiradi. Bu tadqiqot SI qanday ishlatilish senariylari uchun yaxshi ekanligi haqida yaxshi tasavvur beradi.
| Guruh | Eng yuqori ta'sir ostidagi kasblar | Ta'sir foizi (%) |
|---|---|---|
α Inson | Og'zaki va yozma tarjimonlar So'rovnoma tadqiqotchilari Shoirlar, qo'shiq matni mualliflari va ijodiy yozuvchilar Hayvonotshunos olimlar Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha mutaxassislar | 76.5 75.0 68.8 66.7 66.7 |
β Inson | So'rovnoma tadqiqotchilari Yozuvchilar va mualliflar Og'zaki va yozma tarjimonlar Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha mutaxassislar Hayvonotshunos olimlar | 84.4 82.5 82.4 80.6 77.8 |
ζ Inson | Matematiklar Soliq deklaratsiyalarini tayyorlovchilar Moliyaviy miqdoriy tahlilchilar Yozuvchilar va mualliflar Veb va raqamli interfeys dizaynerlari Insonlar 15 ta kasbni “to'liq ta'sir ostida” deb belgilaganlar. | 100.0 100.0 100.0 100.0 100.0 |
α belgisi SI modellarining to'g'ridan-to'g'ri ta'sirini anglatsa, β va ζ belgilari SI'ga asoslangan dasturiy ta'minot ta'sirini anglatadi. Jadval Eloundou va boshqalarning (2023) tadqiqotidan olingan.Ishlatilish senariylarini tahlil qilar ekanman, men ham korporativ, ham iste'molchilar uchun mo'ljallangan dasturlarni ko'rib chiqdim. Korporativ ishlatilish senariylarini tushunish uchun men 50 ta kompaniya bilan ularning SI strategiyalari bo'yicha suhbatlashdim va 100 dan ortiq amaliy misollarni o'rgandim. Iste'molchilar uchun dasturlarni tushunish uchun esa GitHub'da kamida 500 yulduzcha to'plagan 205 ta ochiq manbali SI dasturini o'rganib chiqdim.2 Men dasturlarni 1-3-jadvalda ko'rsatilganidek, sakkizta guruhga ajratdim. Bu yerdagi cheklangan ro'yxat eng yaxshi holatda ma'lumotnoma bo'lib xizmat qiladi. 2-bobda fundamental modellarni qanday yaratish va 3-bobda ularni qanday baholash haqida ko'proq o'rganganingiz sari, fundamental modellar qanday ishlatilish senariylari uchun ishlatilishi mumkin va kerakligi haqida ham yaxshiroq tasavvurga ega bo'lasiz.
| Toifa | Iste'molchilar uchun ishlatilish senariylariga misollar | Korporativ ishlatilish senariylariga misollar |
|---|---|---|
| Kodlash | Kodlash | Kodlash |
| Tasvir va video yaratish | Foto va video tahrirlash Dizayn | Taqdimot Reklama generatsiyasi |
| Yozish | Elektron pochta Ijtimoiy tarmoqlar va blog postlari | Kopirayting, qidiruv tizimlarini optimallashtirish (SEO) Hisobotlar, xizmat yozishmalari, dizayn hujjatlari |
| Ta'lim | Repetitorlik Insho baholash | Xodimlarni ishga moslashtirish Xodimlarning malakasini oshirish |
| Suhbatdosh botlar | Umumiy chatbot SI hamroh | Mijozlarni qo'llab-quvvatlash Mahsulot kopilotlari |
| Axborotni jamlash | Qisqacha bayon qilish Hujjatlar bilan muloqot | Qisqacha bayon qilish Bozor tadqiqoti |
| Ma'lumotlarni tartiblash | Tasvir qidiruvi Memex | Bilimlarni boshqarish Hujjatlarga ishlov berish |
| Ish jarayonlarini avtomatlashtirish | Sayohatni rejalashtirish Tadbirlarni rejalashtirish | Ma'lumotlarni ajratib olish, kiritish va belgilash Potensial mijozlarni jalb qilish |
Fundamental modellar umumiy maqsadli bo'lgani uchun, ular asosida yaratilgan dasturlar ko'plab muammolarni hal qila oladi. Bu shuni anglatadiki, bitta dastur bir nechta toifaga tegishli bo'lishi mumkin. Masalan, bot ham hamrohlik qilishi, ham axborotni jamlashi mumkin. Yoki biror dastur sizga PDF'dan tizimli ma'lumotlarni ajratib olishga yordam berishi va ayni paytda o'sha PDF haqidagi savollarga javob berishi mumkin.
1-7-rasmda ushbu ishlatilish senariylarining 205 ta ochiq manbali dastur orasidagi taqsimoti ko'rsatilgan. Shuni ta'kidlash joizki, ta'lim, ma'lumotlarni tartiblash va yozish ishlatilish senariylarining foizi pastligi bu yo'nalishlar ommabop emasligini anglatmaydi. Bu shunchaki ushbu dasturlarning ochiq manbali emasligini bildiradi. Bu kabi dasturlarni yaratuvchilar ularni korporativ ishlatilish senariylari uchun ko'proq mos deb bilishlari mumkin.
![]()
Korporativ dunyo odatda tavakkalchiligi pastroq bo'lgan dasturlarni afzal ko'radi. Masalan, "a16z Growth"ning 2024-yilgi hisobotida ko'rsatilishicha, kompaniyalar tashqi foydalanish uchun mo'ljallangan dasturlarga (mijozlarni qo'llab-quvvatlash chatbotlariga) qaraganda ichki foydalanish uchun mo'ljallangan dasturlarni (ichki bilimlarni boshqarish) tezroq joriy etmoqda (1-8-rasm). Ichki dasturlar kompaniyalarga ma'lumotlar maxfiyligi, muvofiqlik va ehtimoliy halokatli nosozliklar bilan bog'liq xavflarni minimallashtirgan holda, o'zlarining SI muhandisligi bo'yicha tajribalarini rivojlantirishga yordam beradi. Xuddi shunday, fundamental modellar erkin va har qanday vazifa uchun ishlatilishi mumkin bo'lsa-da, ularning asosida yaratilgan ko'plab dasturlar hali ham tasniflash kabi cheklangan natijali (close-ended) vazifalarni bajaradi. Cheklangan natijali vazifalarni baholash osonroq, bu esa ularning xavflarini taxmin qilishni ham osonlashtiradi.
![]()
Yuzlab SI dasturlarini ko'rgan bo'lsam ham, men hali ham har hafta meni hayratda qoldiradigan yangi dasturlarni topaman. Internetning ilk kunlarida, bir kun kelib internetdagi dominant ishlatilish senariy ijtimoiy media bo'lishini kamdan-kam odam bashorat qilgan edi. Biz SI'dan maksimal darajada foydalanishni o'rganar ekanmiz, oxir-oqibat dominantlik qiladigan ishlatilish senariysi bizni hayratda qoldirishi mumkin. Omadimiz kelsa, bu yoqimli hayratlanish bo'ladi.
Kodlash
Ko'plab generativ SI so'rovnomalarida kodlash, shubhasiz, eng ommabop ishlatilish senariysi sifatida e'tirof etiladi. SI kodlash vositalarining ommalashishiga sabab, birinchidan, SI'ning kodlashda mohirligi bo'lsa, ikkinchidan, SI muhandisligining ilk kashshoflari dasturchilar bo'lib, ular kodlash muammolari bilan ko'proq to'qnash kelishadi.
Fundamental modellarning amaliyotdagi eng dastlabki muvaffaqiyatlaridan biri bu kodni to'ldirish vositasi bo'lgan GitHub Copilot'dir. Uning yillik barqaror daromadi ishga tushirilganidan atigi ikki yil o'tib 100 million dollardan oshdi. Ushbu kitob yozilayotgan vaqtda, SI'ga asoslangan kodlash startaplari yuz millionlab dollar sarmoya jalb qildi, jumladan, "Magic" 320 million dollar va "Anysphere" 60 million dollar, ikkalasi ham 2024-yil avgust oyida. gpt-engineer va screenshot-to-code kabi ochiq manbali kodlash vositalari bir yil ichida GitHub'da 50 000 tadan yulduzcha to'pladi va yana ko'plab yangilari jadal sur'atlarda paydo bo'lmoqda.
Umumiy kodlashga yordam beradigan vositalardan tashqari, ko'plab vositalar muayyan kodlash vazifalariga ixtisoslashgan. Mana bu vazifalarga bir nechta misollar:
- Veb-sahifalar va PDF'lardan tizimli ma'lumotlarni ajratib olish (
AgentGPT) - Ingliz tilini kodga o'girish (
DB-GPT,SQL Chat,PandasAI) - Berilgan dizayn yoki skrinshot asosida, o'sha tasvirga o'xshash veb-saytni yaratadigan kodni generatsiya qilish (
screenshot-to-code,draw-a-ui) - Bir dasturlash tilidan yoki freymvorkdan boshqasiga tarjima qilish (
GPT-Migrate,AI Code Translator) - Hujjatlar yozish (
Autodoc) - Testlar yaratish (
PentestGPT) - Commit xabarlarini generatsiya qilish (
AI Commits)
Ko'rinib turibdiki, SI ko'plab dasturiy ta'minot muhandisligi vazifalarini bajara oladi. Savol shundaki, SI dasturiy ta'minot muhandisligini butunlay avtomatlashtira oladimi? Bir tomondan, "NVIDIA" bosh direktori Jensen Huang SI inson dasturiy ta'minot muhandislarining o'rnini egallashini va biz bolalarga kodlashni o'rganish kerakligini aytishni to'xtatishimiz kerakligini bashorat qilmoqda. Oshkor bo'lgan bir audioyozuvda, "AWS" bosh direktori Mett Garman yaqin kelajakda aksariyat dasturchilar kod yozishni to'xtatishini aytgan. U buni dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilarining yakuni deb bilmaydi; shunchaki ularning ishi o'zgaradi.
Ikkinchi tomondan esa, ham texnik, ham hissiy sabablarga ko'ra (odamlar o'z o'rnini boshqa narsa egallashi mumkinligini tan olishni yoqtirmaydi) SI hech qachon ularning o'rnini bosa olmasligiga amin bo'lgan ko'plab dasturiy ta'minot muhandislari turibdi.
Dasturiy ta'minot muhandisligi ko'plab vazifalardan iborat. SI ba'zilarini boshqalariga qaraganda yaxshiroq bajaradi. McKinsey tadqiqotchilari SI dasturchilarga dokumentatsiyalashda ikki baravar, kod generatsiyasi va kod refaktoringida esa 25-50% samaraliroq bo'lishga yordam berishi mumkinligini aniqladilar. Juda murakkab vazifalarda esa minimal samaradorlik o'sishi kuzatilgan (1-9-rasm). SI kodlash vositalari dasturchilari bilan suhbatlarimda, ko'pchilik SI'ning backend ishlab chiqishga qaraganda frontend ishlab chiqishda ancha yaxshiroq ekanligini payqaganliklarini aytishdi.
![]()
SI dasturiy ta'minot muhandislarining o'rnini egallaydimi yoki yo'qmi, bundan qat'i nazar, u albatta ularni samaraliroq qila oladi. Bu shuni anglatadiki, kompaniyalar endi kamroq muhandislar bilan ko'proq ishni uddalay oladi. SI, shuningdek, autsorsing sanoatini ham tubdan o'zgartirishi mumkin, chunki autsorsingga beriladigan vazifalar odatda kompaniyaning asosiy biznesidan tashqaridagi soddaroq vazifalar bo'ladi.
Tasvir va video yaratish
O'zining ehtimoliy tabiati tufayli, SI ijodiy vazifalar uchun ayni muddaodir. Eng muvaffaqiyatli SI startaplarining ba'zilari aynan ijodiy dasturlardir, masalan, tasvir generatsiyasi uchun Midjourney, foto tahrirlash uchun Adobe Firefly hamda video generatsiyasi uchun Runway, Pika Labs va Sora. 2023-yil oxirida, atigi bir yarim yoshida, Midjourney allaqachon yillik 200 million dollar barqaror daromad keltirayotgan edi. 2023-yil dekabr holatiga ko'ra, "Apple App Store"dagi "Grafika va Dizayn" toifasidagi eng yaxshi 10 ta bepul dasturning yarmida "AI" so'zi bor edi. Taxminimcha, tez orada grafika va dizayn dasturlari standart tarzda SI'ni o'z ichiga oladi va ularning nomlarida "AI" so'ziga ehtiyoj qolmaydi. 2-bobda SI'ning ehtimoliy tabiati batafsilroq muhokama qilinadi.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar, LinkedIn'dan tortib TikTok'gacha, profil rasmlarini generatsiya qilish uchun SI'dan foydalanish odatiy holga aylangan. Ko'plab nomzodlar SI tomonidan yaratilgan portret suratlar ularga o'zlarini eng yaxshi tomondan ko'rsatishga va ishga joylashish imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi, deb hisoblashadi. SI tomonidan yaratilgan profil rasmlariga bo'lgan munosabat sezilarli darajada o'zgardi. 2019-yilda Facebook xavfsizlik nuqtai nazaridan SI tomonidan yaratilgan profil fotosuratlaridan foydalanadigan akkauntlarni bloklagan edi. 2023-yilda esa ko'plab ijtimoiy media dasturlari foydalanuvchilarga SI yordamida profil fotosuratlarini yaratish imkonini beruvchi vositalarni taqdim etmoqda.
Korporatsiyalar uchun esa, reklama va marketing sohalari SI'ni tezda o'zlashtirdi.3 SI'dan to'g'ridan-to'g'ri reklama tasvirlari va videolarini generatsiya qilish uchun foydalanish mumkin. U g'oyalar topishda yordam berishi yoki inson mutaxassislari keyinchalik takomillashtirishi uchun dastlabki qoralamalarni yaratishga yordam beradi. Siz SI yordamida bir nechta reklama variantlarini yaratib, qaysi biri auditoriya uchun eng yaxshi ishlashini sinab ko'rishingiz mumkin. SI reklamalaringizning fasllar va joylashuvlarga qarab o'zgaradigan variantlarini generatsiya qila oladi. Masalan, siz SI yordamida kuzda barglarning rangini o'zgartirishingiz yoki qishda yerga qor qo'shishingiz mumkin.
Yozish
SI ancha vaqtdan beri yozishga yordam berish uchun ishlatilib kelinadi. Agar siz smartfondan foydalansangiz, ehtimol, avtomatik tuzatish (autocorrect) va avtomatik to'ldirish (auto-completion) bilan tanishsiz — ikkalasi ham SI bilan kuchaytirilgan. Yozish — SI uchun ideal dastur, chunki biz bu amalni ko'p bajaramiz, bu ancha zerikarli bo'lishi mumkin va biz xatolarga nisbatan ancha sabrlimiz. Agar model sizga yoqmagan narsani taklif qilsa, siz uni shunchaki e'tiborsiz qoldirishingiz mumkin.
LLM'larning matnni to'ldirish uchun o'qitilganini hisobga olsak, ularning yozishda mohir ekanligi ajablanarli emas. ChatGPT'ning yozishga ta'sirini o'rganish uchun MIT tadqiqoti (Noy va Zhang, 2023) 453 nafar oliy ma'lumotli mutaxassisga kasbga oid yozma vazifalarni topshirdi va ularning yarmini tasodifiy ravishda ChatGPT bilan tanishtirdi. Ularning natijalari shuni ko'rsatdiki, ChatGPT bilan ishlab ko'rganlar orasida vazifani bajarish uchun sarflangan o'rtacha vaqt 40% ga kamaygan va natija sifati 18% ga oshgan. ChatGPT ishchilar o'rtasidagi natija sifatidagi farqni kamaytirishga yordam beradi, bu esa uning yozishga moyilligi kamroq bo'lganlar uchun ko'proq foydali ekanligini anglatadi. Tajriba davomida ChatGPT bilan tanishgan ishchilar tajribadan ikki hafta o'tgach, o'zlarining haqiqiy ishlarida undan foydalanganliklari borasida 2 baravar ko'proq, bundan ikki oy o'tgach esa 1.6 baravar ko'proq xabar qilishgan.
Iste'molchilar uchun ishlatilish senariylari yaqqol ko'rinib turibdi. Ko'pchilik SI'dan o'z muloqotini yaxshilashda yordamchi sifatida foydalanadi. Siz elektron pochtada g'azabli xat yozishingiz va SI'dan uni yoqimliroq qilishni so'rashingiz mumkin. Siz unga qisqa bandlarni berasiz va u sizga to'liq paragraflarni qaytaradi. Bir qancha insonlar endi muhim elektron pochtani avval SI'dan uni yaxshilashni so'ramasdan jo'natmasliklarini aytishgan.
Talabalar insholar yozish uchun SI'dan foydalanmoqda. Yozuvchilar kitoblar yozish uchun SI'dan foydalanmoqda.4 Ko'plab startaplar allaqachon bolalar uchun, fan-fantastika, ishqiy va fentezi janrlaridagi kitoblarni generatsiya qilish uchun SI'dan foydalanmoqda. An'anaviy kitoblardan farqli o'laroq, SI tomonidan yaratilgan kitoblar interaktiv bo'lishi mumkin, chunki kitob syujeti o'quvchining xohishiga qarab o'zgarishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, o'quvchilar o'zlari o'qiyotgan hikoyani yaratishda faol ishtirok etishlari mumkin. Bolalar uchun o'qish dasturi bola qiyinchilikka duch kelayotgan so'zlarni aniqlaydi va aynan shu so'zlar atrofida hikoyalar generatsiya qiladi.
Google Docs, Notion va Gmail kabi qayd yozish va elektron pochta dasturlarining barchasi foydalanuvchilarga yozish mahoratini oshirishda yordam berish uchun SI'dan foydalanadi. Yozish yordamchisi dasturi bo'lgan Grammarly, foydalanuvchilarning yozganlarini ravonroq, izchilroq va tushunarliroq qilish uchun maxsus modelni finetuning qiladi.
SI'ning yozish qobiliyatini suiiste'mol qilish ham mumkin. 2023-yilda New York Times Amazon'ning sifatsiz, SI tomonidan yaratilgan sayohat yo'riqnomalari bilan to'lib-toshgani haqida xabar berdi. Ularning har biri muallif tarjimai holi, veb-sayt va ajoyib sharhlar bilan boyitilgan bo'lib, bularning barchasi SI tomonidan yaratilgan edi.
Korporatsiyalar uchun esa, SI yordamida yozish savdo, marketing va umumiy jamoaviy muloqotda keng tarqalgan. Ko'plab menejerlar menga ish samaradorligi hisobotlarini yozishda yordam berish uchun SI'dan foydalanayotganliklarini aytishdi. SI maqsadli auditoriyaga samarali ilk murojaatlarni, reklama matnlarini va mahsulot tavsiflarini yaratishga yordam beradi. HubSpot va Salesforce kabi mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish (CRM) dasturlarida ham korporativ foydalanuvchilar uchun veb-kontent va murojaat xatlarini generatsiya qilish vositalari mavjud.
SI ayniqsa SEO bilan yaxshi ishlaydiganga o'xshaydi, ehtimol, ko'plab SI modellari SEO uchun optimallashtirilgan matnlar bilan to'la bo'lgan internet ma'lumotlari asosida o'qitilgani uchundir. SI SEO'da shu qadar mohirki, u yangi avlod kontent fermalarining paydo bo'lishiga imkon berdi. Bu fermalar keraksiz veb-saytlar yaratib, ularni SI tomonidan yaratilgan kontent bilan to'ldiradilar va bu orqali "Google"da yuqori o'rinlarni egallab, trafikni jalb qilishadi. Keyin ular reklama birjalari orqali reklama joylarini sotishadi. 2023-yil iyun oyida NewsGuard 141 ta mashhur brendning deyarli 400 ta reklamasini SI tomonidan yaratilgan keraksiz veb-saytlarda aniqladi. O'sha keraksiz veb-saytlardan biri kuniga 1200 ta maqola ishlab chiqargan. Agar buning oldini olish uchun biror chora ko'rilmasa, internet kontentining kelajagi SI tomonidan yaratiladi va bu ancha ayanchli bo'ladi.5
Ta'lim
ChatGPT ishlamay qolsa, OpenAI'ning Discord serveri uy vazifasini bajara olmayotgan talabalarning shikoyatlariga to'lib-toshadi. Bir nechta ta'lim idoralari, jumladan, Nyu-York shahar davlat maktablari va Los-Anjeles birlashgan maktab okrugi, talabalar uni ko'chirmakashlik uchun ishlatishidan qo'rqib, ChatGPT'ni darhol taqiqlab qo'yishdi, biroq bir necha oy o'tgach, o'z qarorlaridan qaytishdi.
Taqiqlash o'rniga, maktablar SI'ni o'quvchilarning tezroq o'rganishiga yordam berish uchun joriy etishlari mumkin. SI darsliklarni qisqacha bayon qila oladi va har bir o'quvchi uchun shaxsiylashtirilgan ma'ruza rejalarini yarata oladi. Har bir inson o'zgacha ekanligini bilganimiz holda reklamalarning shaxsiylashtirilishi-yu, ta'limning esa bunday emasligi menga g'alati tuyuladi. SI materiallarni har bir o'quvchi uchun eng mos formatga moslashtirishga yordam beradi. Eshitib o'rganuvchilar SI'dan materiallarni ovoz chiqarib o'qib berishni so'rashlari mumkin. Hayvonlarni yaxshi ko'radigan o'quvchilar SI yordamida vizualizatsiyalarni ko'proq hayvonlarni aks ettiradigan qilib moslashtirishlari mumkin. Matematik tenglamalardan ko'ra kod o'qishni osonroq deb biladiganlar SI'dan matematik tenglamalarni kodga o'girib berishni so'rashlari mumkin.
SI, ayniqsa, til o'rganish uchun juda foydalidir, chunki siz SI'dan turli amaliyot senariylarida rol o'ynashni so'rashingiz mumkin. Pajak va Bicknell ("Duolingo", 2022) kurs yaratishning to'rt bosqichidan darsni shaxsiylashtirish bosqichi SI'dan eng ko'p foyda olishi mumkin bo'lgan bosqich ekanligini aniqladilar (1-10-rasm).
![]()
SI ham ko'p tanlovli, ham erkin javobli viktorinalar generatsiya qila oladi va javoblarni baholay oladi. SI ajoyib bahs-munozara sherigiga aylanishi mumkin, chunki u bir mavzu bo'yicha turli xil qarashlarni taqdim etishda o'rtacha insondan ancha yaxshiroqdir. Masalan, Khan Academy talabalarga SI'ga asoslangan o'qituvchi yordamchilarini va o'qituvchilarga kurs yordamchilarini taklif qiladi. Men ko'rgan innovatsion o'qitish usullaridan biri shuki, o'qituvchilar talabalarga xatolarni topish va tuzatish uchun SI tomonidan yaratilgan insholarni topshirishadi.
Ko'plab ta'lim kompaniyalari yaxshiroq mahsulotlar yaratish uchun SI'ni joriy etayotgan bo'lsa-da, ko'plari o'z nonini SI'ga oldirayotganini payqamoqda. Masalan, talabalarga uy vazifalari bilan yordam beradigan Chegg kompaniyasining aksiya narxi ChatGPT ishga tushirilgan 2022-yil noyabrdagi 28 dollardan 2024-yil sentabrda 2 dollargacha keskin tushib ketdi, chunki talabalar yordam uchun SI'ga murojaat qila boshladilar.
Agar xavf SI'ning ko'plab ko'nikmalarni o'rnini bosishi bo'lsa, imkoniyat — SI'dan har qanday ko'nikmani o'rganish uchun repetitor sifatida foydalanish mumkinligidir. Ko'pgina ko'nikmalar uchun SI biror kishiga tezda asosiy bilimlarni egallashga yordam berishi va keyin u mustaqil o'rganishda davom etib, SI'dan ham yaxshiroq bo'lishi mumkin.
Suhbatdosh botlar
Suhbatdosh botlarning imkoniyatlari keng. Ular bizga axborot topishga, tushunchalarni izohlashga va turli g'oyalar izlab topishga yordam beradi. SI siz uchun hamroh va terapevt bo'la oladi. U shaxslarni taqlid qila oladi, bu esa sizga o'zingiz yoqtirgan har qanday insonning raqamli nusxasi bilan suhbatlashish imkonini beradi. Raqamli "qiz o'rtoqlar" va "yigitlar" g'alati darajada qisqa vaqt ichida misli ko'rilmagan ommaboplikka erishdi. Ko'pchilik allaqachon insonlarga qaraganda botlar bilan suhbatlashishga ko'proq vaqt sarflamoqda (bu yerdagi va bu yerdagi muhokamalarga qarang). Ba'zilar SI uchrashuv madaniyatini barbod qilishidan xavotirda.
Tadqiqotlarda, shuningdek, odamlar bir guruh suhbatdosh botlardan jamiyatni simulyatsiya qilish uchun foydalanishlari mumkinligini aniqladilar, bu esa ularga ijtimoiy dinamikalar bo'yicha tadqiqotlar o'tkazish imkonini beradi (Park va boshq., 2023).
Korporatsiyalar uchun eng ommabop botlar — bu mijozlarni qo'llab-quvvatlash botlaridir. Ular kompaniyalarga xarajatlarni tejashga yordam beradi va ayni paytda mijozlar bilan ishlash qulayligini yaxshilaydi, chunki ular foydalanuvchilarga inson operatorlarga qaraganda tezroq javob bera oladi. SI, shuningdek, sug'urta da'volarini rasmiylashtirish, soliqlarni to'lash yoki korporativ qoidalarni qidirish kabi mashaqqatli va chalg'ituvchi vazifalarda mijozlarga yo'l ko'rsatuvchi mahsulot kopilotlari bo'la oladi.
ChatGPT'ning muvaffaqiyati matnga asoslangan suhbatdosh botlarning yangi to'lqinini keltirib chiqardi. Biroq, matn suhbatdosh agentlar uchun yagona interfeys emas. Google Assistant, Siri va Alexa kabi ovozli yordamchilar ancha yillardan beri mavjud.6 3D suhbatdosh botlar allaqachon o'yinlarda keng tarqalgan va chakana savdo hamda marketingda ommalashib bormoqda.
SI'ga asoslangan 3D personajlarning ishlatilish senariylaridan biri — bu aqlli NPC'lar, ya'ni o'yinchi bo'lmagan personajlardir (NVIDIA'ning Inworld va Convai demolariga qarang).7 NPC'lar ko'plab o'yinlarning syujet chizig'ini rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega. SI'siz NPC'lar odatda cheklangan dialoglar doirasida oddiy harakatlarni bajarish uchun skriptlashtirilgan bo'ladi. SI bu NPC'larni ancha aqlliroq qila oladi. Aqlli botlar "The Sims" va "Skyrim" kabi mavjud o'yinlarning dinamikasini o'zgartirishi, shuningdek, ilgari mumkin bo'lmagan yangi o'yinlarning paydo bo'lishiga imkon berishi mumkin.
Axborotni jamlash
Ko'pchilikning fikricha, muvaffaqiyatimiz foydali axborotni saralay olish va uni hazm qilish qobiliyatimizga bog'liq. Biroq, elektron pochta xabarlari, Slack'dagi yozishmalar va yangiliklardan doimiy xabardor bo'lib turish ba'zan haddan tashqari og'irlik qilishi mumkin. Yaxshiyamki, SI yordamga keldi. SI axborotni jamlash va uni qisqacha bayon qilish qobiliyatiga ega ekanligini isbotladi. Salesforce'ning 2023-yilgi "Generative AI Snapshot Research" tadqiqotiga ko'ra, generativ SI foydalanuvchilarining 74%i undan murakkab g'oyalarning mag'zini chaqish va axborotni qisqacha bayon qilish uchun foydalanadi.
Iste'molchilar uchun ko'plab dasturlar sizning hujjatlaringizni — shartnomalar, oshkor qilinadigan ma'lumotlar, ilmiy ishlar — qayta ishlay oladi va sizga kerakli ma'lumotni suhbat tarzida olish imkonini beradi. Bu ishlatilish senariysi hujjatlar bilan muloqot qilish (talk-to-your-docs) deb ham ataladi. SI sizga veb-saytlarni, tadqiqotlarni qisqacha bayon qilishga va siz tanlagan mavzularda hisobotlar yaratishga yordam beradi. Ushbu kitobni yozish jarayonida men SI ilmiy maqolalarni qisqacha bayon qilish va taqqoslashda ancha asqotdi.
Axborotni jamlash va saralash korporativ operatsiyalar uchun muhim ahamiyatga ega. Axborotni samaraliroq jamlash va tarqatish tashkilotning ixchamroq bo'lishiga yordam beradi, chunki bu o'rta bo'g'in menejmentiga tushadigan yukni kamaytiradi. Instacart ichki prompt bozorini (prompt marketplace) ishga tushirganda, eng ommabop prompt shablonlaridan biri "Tezkor Tahlil" (Fast Breakdown) ekanligini aniqladi. Bu shablon SI'dan yig'ilish qaydnomalari, elektron pochta xabarlari va Slack suhbatlarini faktlar, ochiq savollar va bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar (action items) bilan qisqacha bayon qilishni so'raydi. Keyin bu bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar avtomatik ravishda loyihalarni kuzatish vositasiga kiritilishi va tegishli mas'ullarga tayinlanishi mumkin.
SI sizga potensial mijozlaringiz haqidagi eng muhim ma'lumotlarni yuzaga chiqarishga va raqobatchilaringiz bo'yicha tahlillar o'tkazishga yordam beradi.
Qancha ko'p axborot to'plasangiz, uni tartibga solish shunchalik muhim bo'lib boradi. Axborotni jamlash ma'lumotlarni tartiblash bilan chambarchas bog'liq.
Ma'lumotlarni tizimlashtirish
Kelajak haqida bir narsani ishonch bilan aytish mumkinki, biz tobora ko'proq ma'lumot yaratishda davom etamiz. Smartfon foydalanuvchilari suratlar va videolar olishda davom etaveradi. Kompaniyalar o'z mahsulotlari, xodimlari va mijozlari haqidagi har bir ma'lumotni qayd etib borishda davom etadi. Har yili milliardlab shartnomalar tuzilmoqda. Suratlar, videolar, loglar va PDF'larning barchasi strukturalashmagan yoki yarim-strukturalashgan ma'lumotlardir. Bu ma'lumotlarning barchasini keyinchalik qidirib topish mumkin bo'ladigan tarzda tizimlashtirish juda muhimdir.
SI aynan shu vazifani uddalashda yordam beradi. SI tasvirlar va videolar uchun avtomatik ravishda matnli tavsiflar generatsiya qila oladi yoki matnli so'rovlarni ularga mos vizual materiallar bilan bog'lashga yordam beradi. Google Photos kabi xizmatlar allaqachon qidiruv so'rovlariga mos keladigan tasvirlarni yuzaga chiqarish uchun SI'dan foydalanmoqda.8 Google Image Search esa bir qadam oldinga boradi: agar foydalanuvchilarning ehtiyojlariga mos keladigan mavjud tasvir bo'lmasa, u o'zi bir nechtasini generatsiya qila oladi.
SI ma'lumotlar tahlilida juda mohir. U ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish, anomal qiymatlarni (outliers) aniqlash va daromad prognozlari kabi bashoratlarni amalga oshirish uchun dasturlar yoza oladi.9
Korporatsiyalar SI'dan strukturalashmagan ma'lumotlardan strukturalashgan axborotni ajratib olish uchun foydalanishlari mumkin, bu esa ma'lumotlarni tizimlashtirish va qidirishga yordam beradi. Oddiy ishlatilish senariylariga kredit kartalari, haydovchilik guvohnomalari, cheklar, chiptalar, elektron pochta xabarlarining quyi qismidagi aloqa ma'lumotlari va hokazolardan avtomatik ravishda ma'lumot ajratib olish kiradi. Murakkabroq ishlatilish senariylari esa shartnomalar, hisobotlar, diagrammalar va boshqalardan ma'lumotlarni ajratib olishni o'z ichiga oladi. Hisob-kitoblarga ko'ra, IDP, ya'ni intellektual ma'lumotlarni qayta ishlash sanoati 2030-yilga kelib 12.81 milliard dollarga yetadi va har yili 32.9% ga o'sadi.
Ish jarayonlarini avtomatlashtirish
Oxir-oqibat, SI imkon qadar ko'proq vazifalarni avtomatlashtirishi lozim. Oddiy foydalanuvchilar uchun avtomatlashtirish restoranlarni band qilish, pulni qaytarib olishni so'rash, sayohatlarni rejalashtirish va anketalarni to'ldirish kabi zerikarli kundalik vazifalarda yordam berishi mumkin.
Korporatsiyalar uchun esa, SI potensial mijozlarni boshqarish, hisob-fakturalarni rasmiylashtirish, xarajatlarni qoplash, mijozlar so'rovlarini boshqarish, ma'lumotlarni kiritish kabi takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtira oladi. Ayniqsa qiziqarli yo'nalishlardan biri — bu SI modellaridan ma'lumotlarni sintez qilish uchun foydalanish, keyin esa bu ma'lumotlardan modellarning o'zini takomillashtirish uchun foydalanishdir. Siz SI yordamida ma'lumotlaringiz uchun yorliqlar yaratishingiz va yorliqlarni yaxshilash uchun insonlarni jarayonga jalb qilishingiz mumkin. Ma'lumotlar sintezi haqida 8-bobda mulohaza yuritamiz.
Ko'pgina vazifalarni uddalash uchun tashqi vositalardan foydalanish imkoniyati zarur. Restoranni band qilish uchun dasturga restoran raqamini topish uchun qidiruv tizimini ochish, qo'ng'iroq qilish uchun telefoningizdan foydalanish va taqvimingizga uchrashuvlar qo'shish uchun ruxsat kerak bo'lishi mumkin. Reja tuza oladigan va vositalardan foydalana oladigan SI'lar agentlar deb ataladi. Agentlarga bo'lgan qiziqish darajasi deyarli vasvasaga aylanib bormoqda va bu bejizga emas. SI agentlari har bir insonni misli ko'rilmagan darajada samaraliroq qilish va misli ko'rilmagan darajada ko'proq iqtisodiy qiymat yaratish salohiyatiga ega. Agentlar 6-bobning markaziy mavzusidir.
Turli SI dasturlarini o'rganish juda maroqli bo'ldi. Men o'zim yaratishim mumkin bo'lgan turli xil dasturlar haqida xayol surishni juda yaxshi ko'raman. Biroq, hamma dasturlarni ham yaratish kerak emas. Keyingi bo'limda SI dasturini yaratishdan oldin nimalarga e'tibor berish kerakligini muhokama qilamiz.
Izohlar
-
Qiziqarli fakt: 2024-yil 16-sentabr holatiga ko‘ra, theresanaiforthat.com veb-saytida 14 688 ta vazifa va 4 803 ta kasb uchun 16 814 ta SI ro‘yxati keltirilgan. ↩
-
Turli SI dasturlarini o'rganish, ehtimol, bu kitobni yozishdagi eng sevimli mashg'ulotlarimdan biri bo'ldi. Odamlarning nimalar yaratayotganini ko'rish juda maroqli. Men kuzatib boradigan ochiq manbali SI dasturlari ro'yxatini shu yerdan topishingiz mumkin. Ro'yxat har 12 soatda yangilanadi. ↩
-
Korporatsiyalar odatda reklama va marketingga katta mablag' sarflagani uchun, bu sohadagi avtomatlashtirish ulkan tejamkorlikka olib kelishi mumkin. O'rtacha hisobda, kompaniya byudjetining 11 foizi marketingga sarflanadi. Qarang: “Marketing Budgets Vary by Industry”(Christine Moorman, WSJ, 2017). ↩
-
Men ushbu kitobni yozish jarayonida SI'ni juda foydaliligini his qildim va ko'rib turibmanki, SI yozish jarayonining ko'p qismlarini avtomatlashtira oladi. Badiiy asar yozayotganda, men ko'pincha SI'dan keyin nima bo'lishi yoki biror qahramon vaziyatga qanday munosabatda bo'lishi mumkinligi haqida turli g'oyalar topish uchun yordam so'rayman. Men hali ham qanday yozuv turini avtomatlashtirish mumkin va qaysi birini yo'qligini baholab bormoqdaman. ↩
-
Mening gipotezam shuki, shu ketishda biz internetdagi kontentga shu qadar ishonchsiz bo'lib qolamizki, faqat o'zimiz ishongan odamlar yoki brendlar tomonidan yaratilgan kontentni o'qiydigan bo'lamiz. ↩
-
Apple va Amazon'ning
SirivaAlexa'ga generativ SI yutuqlarini joriy etishi bunchalik ko'p vaqt olayotgani meni hayratda qoldiradi. Bir do'stimning fikricha, buning sababi bu kompaniyalarda sifat va muvofiqlik uchun talablar yuqoriroq bo'lishi va ovozli interfeyslarni ishlab chiqish chat interfeyslariga qaraganda ko'proq vaqt talab qilishi mumkin. ↩ -
Ma'lumot uchun: Men
Convai'ning maslahatchisiman. ↩ -
Hozirda mening Google Photos xizmatidagi xotiramda 40 000 dan ortiq surat va videolar bor. SI bo'lmaganida, kerakli paytda kerakli suratlarni topishim deyarli imkonsiz bo'lardi. ↩
-
Shaxsan men uchun SI ma'lumotlar va grafiklarni tushuntirishda ham ancha qo'l keladi. Haddan tashqari ko'p ma'lumotga ega chalkash grafikka duch kelganimda, men
ChatGPT'dan uni soddalashtirib berishni so'rayman. ↩
