Ifodalar va Operatorlar
Ushbu bob JavaScript ifodalari (expressions
) va bu ifodalarning ko‘pchiligi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan operatorlarni yoritib beradi. Ifoda — bu qiymat hosil qilish uchun bajarilishi (evaluate
) mumkin bo‘lgan JavaScript iborasidir. Dasturingizga literal sifatida kiritilgan konstanta juda oddiy ifoda turidir. O‘zgaruvchi nomi ham oddiy ifoda bo‘lib, u o‘ziga tayinlangan qiymatni ifodalaydi. Murakkab ifodalar esa soddaroq ifodalardan tarkib topadi. Masalan, massivga murojaat qilish ifodasi massivni ifodalovchi bir ifoda, undan keyin keladigan ochuvchi kvadrat qavs, butun sonni ifodalovchi yana bir ifoda va yopuvchi kvadrat qavsdan tashkil topadi. Bu yangi, murakkabroq ifoda ko‘rsatilgan massivning belgilangan indeksida saqlangan qiymatni ifodalaydi. Xuddi shunday, funksiyani chaqirish ifodasi funksiya obyektini ifodalovchi bir ifoda va funksiyaga argument sifatida ishlatiladigan nolta yoki undan ortiq qo‘shimcha ifodalardan iborat.
Murakkab ifodani soddaroq ifodalardan qurishning eng keng tarqalgan usuli bu operator yordamida amalga oshiriladi. Operator o‘z operandlarining (odatda ikkita) qiymatlarini biror usulda birlashtiradi va yangi qiymat hosil qiladi. Ko‘paytirish operatori *
bunga oddiy misoldir. x * y
ifodasi x
va y
ifodalarining qiymatlari ko‘paytmasini ifodalaydi. Sodda bo‘lishi uchun, biz ba’zan operator "qiymatga baholanadi" (evaluates to
) o‘rniga "qiymat qaytaradi" (returns
) deb aytamiz.
Ushbu bob JavaScript'ning barcha operatorlarini yoritib beradi, shuningdek, operatorlardan foydalanmaydigan ifodalarni (masalan, massivni indekslash va funksiyani chaqirish) ham tushuntiradi. Agar siz C-uslubidagi sintaksisdan foydalanadigan boshqa biror dasturlash tilini allaqachon bilsangiz, JavaScript ifodalari va operatorlarining aksariyat sintaksisi sizga tanish bo‘lib tuyuladi.