DokumentatsiyaReactReact ConcurrentSinxron renderlash muammosi

Sinxron render qilish bilan bog’liq muammo

Qayta eslab olish uchun, sinxron render qilishdagi muammo shundaki, bu asosiy thread’ga to’sqinlik qiladi, natijada foydalanuvchi bilan ishlash qulayligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu ayniqsa ko’p komponentli va tez-tez yangilanadigan murakkab ilovalar uchun juda dolzarbdir. Bunday holatlarda, foydalanuvchi interfeysi javobsiz bo’lib qolishi mumkin, bu esa foydalanuvchini hafsalasini pir qilishi mumkin.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun odatiy bir yechim – bu yangilanishlar seriyasini to’plab, asosiy thread’dagi ishlashni minimallashtirish: masalan, 10 ta narsani 10 marta qayta ishlash o’rniga, ularni to’plab bir marta qayta ishlash. Biz 4-bobda guruhlab yangilash(batching update) haqida gaplashgan edik, shuning uchun bu yerda ko’p tafsilotlarga to’xtab o’tirmaymiz. Ammo bizning muhokamamiz uchun tushunish muhimki, guruhlab yangilash bu muammolarga qarshi vaqtinchalik yechimdir va u ham o’ziga xos cheklovlarga ega, buni kelgusi mavzularda ko’rib chiqamiz.

Guruhlab yangilash(batching update) muammolari

Hatto guruhlab yangilash bilan ham bog’liq bo’lgan muammolar, sinxron render qilishda ustuvorlik tushunchasi mavjud emasligi bilan yanada murakkablashadi. Sinxron render qilish barcha yangilanishlarga bir xil yondashadi, ularning ko’rinishidan qat’i nazar. Masalan, sinxron render qilish bilan siz asosiy thread’ga foydalanuvchi ko’ra olmaydigan narsalarni (masalan, ko’rinmayotgan qism yoki modal oynaning ortidagi kontent yoki yuklanayotgan holatda bo’lgan kontent) render qilish ishlari bilan to’sqinlik qilishingiz mumkin. Siz bunday elementlarni render qilmoqchisiz, agar protsessor imkoniyati bo’lsa, lekin foydalanuvchi ko’ra oladigan va u bilan muloqotda bo’ladigan narsalarni ustuvorlik bilan render qilishingiz kerak. React concurrent (bir vaqtda bajariluvchi) funksiyalari mavjud bo’lishidan oldin, ko’pincha muhim yangilanishlar kam ahamiyatli yangilanishlar bilan to’sib qo’yilgan holatlar bo’lar edi, bu esa, albatta, foydalanuvchi bilan ishlash qulayligini yomonlashtirishga olib kelardi.

Concurrent renderlashning afzalligi

Concurrent render qilish bilan React yangilanishlarni ularning ahamiyati va shoshilinchligiga qarab ustuvorlik bilan bajarishi mumkin, bu esa muhim yangilanishlarning kamroq ahamiyatli yangilanishlar tomonidan to’sib qo’yilmasligini ta’minlaydi. Bu React’ga katta yuklama ostida ham javob bera oladigan foydalanuvchi interfeysini saqlab qolishga imkon beradi va yaxshiroq foydalanuvchi bilan ishlash qulayligini yaratadi. Masalan, foydalanuvchi tugmani bosganda yoki uning ustiga olib borganida, bu harakatga darhol javob qaytarilishini kutadi. Agar React uzun ro’yxatni qayta render qilish bilan band bo’lsa, unda bu tugma ustidagi harakat yoki aktiv holat “feedback”i butun ro’yxat tugagunga qadar kechiktiriladi. Concurrent render qilish bilan protsessor resurslarini ko’proq talab qiladigan render qilish vazifalari yanada muhimroq bo’lgan foydalanuvchi interaktivligi va animatsiyalar kabi vazifalarga ko’proq ustuvorlik beradi.

Bundan tashqari, concurrent render qilish imkoniyatlari bilan React vaqtni taqsimlab ishlashga qodir: ya’ni, u render qilish jarayonini kichik bo’laklarga bo’lib, ularni bosqichma-bosqich qayta ishlay oladi. Bu React’ga bir nechta kadr davomida ishlashni amalga oshirishga imkon beradi va agar ishni to’xtatish kerak bo’lsa, u to’xtatilishi mumkin.

Keling, bularning barchasini batafsil o’rganishni endi boshlaymiz.