React server komponentlari
Oldingi bo’limda biz React freymvorklariga, ayniqsa, Next.js va Remix’ga e’tibor qaratdik. Freymvorklardan foydalanishning sabablarini, masalan, abstraksiya foydalari, ishlab chiqishni tezlashtiruvchi konvensiyalar, keng tarqalgan muammolar uchun kompleks yechimlar va umuman samaradorlikni oshirishga bo’lgan ta’sirini ko’rib chiqdik.
Biz Remix va Next.js’ning batafsil jihatlarini tahlil qilib, har bir freymvorkning o’xshash muammolarni qanday hal qilishini, hatto o’zimizning minimal freymvorkimizni yaratish orqali ko’rsatdik va Next.js’ning React Server Components(RSCs)ga to’liq moslashgan server-first yo’nalishiga qisqacha to’xtaldik.
RSC’lar React ekotizimidagi qiziqarli tendensiyalardan biri bo’lib, React ilovalarining samaradorligi, ishlashi va foydalanuvchi bilan ishlash qulayligini yaxshilash uchun ishlab chiqilgan. Ushbu takomillashgan ilova arxitekturasi serverda render qilinadigan ko’p sahifali ilovalarning (MPA) va klient tomonida render qilinadigan ilovalarning (SPA) eng yaxshi jihatlarini birlashtirib, foydalanuvchi bilan ishlash qulayligini yaxshilaydi va samaradorlik yoki texnik xizmat ko’rsatish jihatlaridan tavakkal qilmaslik imkonini beradi. Ushbu bo’limda biz RSC’larning asosiy tushunchalari, afzalliklari, mental modellari va mexanizmlarini muhokama qilamiz. Eng so’nggi ma’lumotlar uchun har doim react.dev saytiga murojaat qilishingiz mumkin.
RSC’lar serverda “ishlaydigan” va klient tomonidagi JavaScript to’plam paketiga kiritilmaydigan yangi turdagi komponentlarni joriy qiladi. Bu komponentlar qurish vaqtida ishlashi mumkin bo’lib, fayl tizimidan o’qish, statik kontent olish yoki ma’lumotlar qatlamiga kirish imkonini beradi. Server komponentlaridan interaktiv klient komponentlariga brauzerda prop sifatida ma’lumot uzatish orqali RSC’lar samarador va yuqori ishlashga ega bo’lgan ilovani ta’minlaydi.