React’ni ommaga taqdim qilinishi
Bir tomonlama ma’lumot oqimi biz yillar davomida veb-ilovalar yaratib kelgan usuldan keskin farq qilar edi va bu g’oya skeptitsizm bilan qarshi olindi. Facebook katta kompaniya bo’lgani, ko’p resurslarga, foydalanuvchilarga va turli fikrlarga ega dasturchilarga ega bo’lgani sababli, React’ning ommalashish yo’li ancha qiyin bo’ldi. Juda ko’p tahlil va sinovlardan so’ng, React ichki muvaffaqiyatga erishdi. Facebook va undan keyin Instagram tomonidan qabul qilindi.
Keyin 2013-yilda React ochiq manbali loyiha sifatida ommaga taqdim qilindi va ko’pgina negativ tanqidlar bilan qarshi olindi. Odamlar React’ni JSX ishlatgani uchun qattiq tanqid qilishdi, Facebook’ni “HTML’ni JavaScript ichiga qo’yganlikda” va “serapation of concerns”(ma’suliyatlarni ajratish) tamoyilini buzganlikda ayblashdi. Facebook “eng yaxshi amaliyotlarni qayta o’ylaydigan” va vebni buzadigan kompaniya sifatida tanildi. Oxir-oqibat, Netflix, Airbnb va The New York Times kabi kompaniyalar tomonidan sekin-asta qabul qilinishi bilan, React vebda foydalanuvchi interfeyslarini yaratish uchun yangi standartga aylandi.
Bu tafsilotlarga batafsil to’xtalib o’tmaymiz, lekin React’ni yaratishga olib kelgan texnik muammolar tasnifini tushunish muhimdir. Agar siz React tarixi haqida ko’proq qiziqsangiz, YouTube’da Honeypot tomonidan tayyorlangan “React.js: The Documentary” React’ning to’liq hujjatli filmini ko’rishingiz mumkin.
Facebook keng ko’lamdagi muammolarni birinchi bo’lib kuzatganligi sababli, React foydalanuvchi interfeyslarini yaratishda ushbu va boshqa muammolarni hal qiladigan komponentga asoslangan yondashuvni ilgari surdi, unda har bir komponent kodning o’z-o’zini boshqaradigan birligi bo’lib, uni boshqa komponentlar bilan qayta ishlatish va yanada murakkab foydalanuvchi interfeyslarini yaratish uchun birlashtirish mumkin bo’ladi.
React ochiq manbali dastur sifatida chiqarilganidan bir yil o’tib, Facebook React ilovalarida ma’lumot oqimini boshqarish pattern’i bo’lmish Flux’ni chiqardi. Flux katta ko’lamdagi ilovalarda ma’lumot oqimini boshqarishdagi muammolarga javob bo’lib, React ekotizimining muhim qismi edi. Keling, Flux va u React bilan qanday bog’liqligini ko’rib chiqamiz.