O’zingiz ixtiro qilmang

React ilovasi uchun maxsus serverda render qilishni yaratish murakkab va ko’p vaqt talab qiluvchi vazifa bo’lishi mumkin. React serverda render qilish uchun ba’zi API’larni taqdim etsa ham, o’zingiz noldan butunlay maxsus yechim yaratish turli muammolar va samarasizliklarga olib kelishi mumkin. Ushbu bo’limda biz nima uchun Next.js va Remix kabi mavjud freymvorklarga tayangan holda ishlash, o’z serveringizni yaratishga qaraganda afzal ekanligini ko’rib chiqamiz:

Kutilmagan holatlarni va murakkabliklarni boshqarish

React ilovalari juda murakkablashishi mumkin va serverda render qilishni amalga oshirishda turli xil kutilmagan holatlar(edge cases) va murakkabliklarni hal qilish talab etiladi. Bularga asinxron ma’lumot olishni boshqarish(data fetching), kodni bo’lib yuklash(code splitting) va React’ning turli xil lifecycle’larini boshqarish kiradi. Next.js yoki Remix kabi freymvorklarni ishlatish orqali siz bu murakkabliklarni o’zingiz hal qilish zaruriyatidan qutulasiz, chunki bu freymvorklar ko’plab umumiy kutilmagan holatlar uchun o’z yechimlariga ega.

Xavfsizlik muammosi

Bunday kutilmagan holatlardan biri xavfsizlikdir. Server ko’plab klientlar so’rovlarini qayta ishlaganda, bir klientning maxfiy ma’lumotlari boshqa klientga beixtiyor tarqalib ketmasligiga ishonch hosil qilish juda muhim. Bu yerda Next.js, Remix va Gatsby kabi freymvorklar ushbu xavotirlarni boshqarishda bebaho yordam berishi mumkin. Aytaylik, klient A serverga murojaat qiladi va ularning ma’lumotlari server tomonidan keshlanadi. Agar server bu keshlangan ma’lumotni tasodifan klient B’ga yuborsa, maxfiy ma’lumotlar fosh bo’lishi mumkin.

Ushbu misolni ko’rib chiqaylik:

server.js
// express modulini import qilish
const express = require("express");
 
// Yangi express dastur nusxasini yaratish
const app = express();
 
// Keshlangan foydalanuvchi ma'lumotlarini saqlash uchun o'zgaruvchi e'lon qilish
// Dastlab, keshda ma'lumot yo'q, shuning uchun uning qiymati null bo'ladi
let cachedUserData = null;
 
// "/user/:userId"ga GET so'rovlar uchun route ishlov beruvchisini belgilash
// Bu ma'lum foydalanuvchi ID uchun foydalanuvchi ma'lumotlari bilan javob beradi
app.get("/user/:userId", (req, res) => {
  // So'rov parametrlardan userId’ni chiqarish
  const { userId } = req.params;
 
  // Keshlangan foydalanuvchi ma'lumotlari borligini tekshirish
  // Agar mavjud bo'lsa, keshdagi ma'lumotlarni qaytarish
  if (cachedUserData) {
    return res.json(cachedUserData);
  }
 
  // Aks holda, foydalanuvchi ma'lumotlarini ma'lumotlar bazasi yoki boshqa manbadan olish
  // fetchUserData funksiyasi boshqa joyda e'lon qilingan deb hisoblab turaylik
  const userData = fetchUserData(userId);
 
  // Keshni olingan foydalanuvchi ma'lumotlari bilan yangilash
  cachedUserData = userData;
 
  // Olingan foydalanuvchi ma'lumotlari bilan javob qaytarish
  res.json(userData);
});
 
// Serverni ishga tushirish va 3000-portni tinglash
// Server tayyor bo'lganida konsolda xabar chiqadi
app.listen(3000, () => {
  console.log("Server listening on port 3000");
});

Ushbu kodda cachedUserData foydalanuvchi ma’lumotlarini keshlash uchun mo’ljallangan, ammo u barcha so’rovlar uchun userIddan qat’i nazar umumiydir. Har safar /user/:userIdga so’rov yuborilganda, server cachedUserData’ni tekshiradi va agar keshda ma’lumot mavjud bo’lsa, userId mos kelishi yoki mos kelmasligidan qat’i nazar keshdagi ma’lumotlarni qaytaradi. Agar keshda ma’lumot bo’lmasa, uni olish, keshlash va qaytarish jarayonini bajaradi. Bu shuni anglatadiki, agar ketma-ket /user/1 va /user/2ga ikkita so’rov yuborilsa, ikkinchi so’rov birinchi foydalanuvchining ma’lumotlarini olishi mumkin, bu esa katta xavfsizlik muammosidir.

Xavfsizroq keshlash strategiyasi

Keshni har bir foydalanuvchiga alohida bog’lash uchun userId bilan bog’liq holda keshlash yaxshiroq strategiya bo’lar edi. Buni amalga oshirishning bir usuli, userIdni kalit sifatida ishlatadigan obyekt yordamida keshlangan ma’lumotlarni saqlashdir.

Agar o’z yechimimizni yaratishga urinadigan bo’lsak, inson xatosi xavfi doimo mavjud bo’ladi. Katta jamoalar tomonidan yaratilgan freymvorklarga tayanadigan bo’lsak, bu xavf kamayadi. Ushbu freymvorklar xavfsizlikni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va maxfiy ma’lumotlarning to’g’ri boshqarilishini ta’minlaydi.

Ishlash samaradorligini optimizatsiya qilish

Freymvorklar odatiy holda ko’plab ishlash samaradorligi optimizatsiyalari bilan birga keladi. Ushbu optimizatsiyalar avtomatik kodni bo’lib yuklash, serverda render qilish va keshlashni o’z ichiga olishi mumkin. Maxsus(custom) server tomonida render qilish yechimini yaratish bu optimizatsiyalarni dastlabki holda o’z ichiga olmaydi va ularni amalga oshirish murakkab hamda ko’p vaqt talab qilishi mumkin.

Masalan, Next.js 13 va undan oldingi versiyalarda sahifalarga asoslangan kodni bo’lib yuklash(code-splitting), ishlash samaradorligini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. Har bir sahifa avtomatik tarzda o’ziga xos to’plam paketiga ajratiladi va faqat sahifa so’ralganda yuklanadi. Bu dastlabki to’plam paket hajmini kamaytirib, birinchi baytni yuborish vaqtini (TTFB) yaxshilashga yordam beradi.

Dasturchi bilan ishlash qulayligi va unumdorligi

Maxsus server tomonida render qilish yechimini yaratish murakkab va ko’p vaqt talab qilishi mumkin. Next.js yoki Remix kabi freymvorklardan foydalanish orqali dasturchilar ilova uchun funksiyalar va imkoniyatlar yaratishga e’tibor qaratishlari mumkin, serverning asosiy infrastrukturasini boshqarish haqida qayg’urmasdan. Bu unumdorlikni oshiradi va umumiy dasturchi bilan ishlash qulayligini yaxshilaydi.

Eng yaxshi amaliyotlar va konvensiyalar

Next.js yoki Remix kabi freymvorklardan foydalanish loyihangizda eng yaxshi amaliyotlar va konvensiyalarni qo’llashga yordam beradi. Ushbu freymvorklar eng yaxshi amaliyotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va ularning konvensiyalariga rioya qilish orqali ilovangiz mustahkam poydevorga asoslangan holda yaratilishini ta’minlashingiz mumkin.

// Remix bilan eng yaxshi amaliyotlar misoli
// Fayl: routes/posts/$postId.tsx
 
import { useParams } from "react-router-dom";
import { useLoaderData } from "@remix-run/react";
 
// Eng yaxshi amaliyot: ma'lumotlarni iloji boricha erta olish
// Eng yaxshi amaliyot: ma'lumotlarni UI bilan birlashtirish
export function loader({ params }) {
  return fetchPost(params.postId);
}
 
function Post() {
  const { postId } = useParams();
  const post = useLoaderData();
 
  return (
    <div>
      <h1>{post.title}</h1>
      <div>{post.content}</div>
    </div>
  );
}
 
export default Post;

Next.js va Remix kabi mavjud freymvorklar tomonidan taqdim etilgan afzalliklar va optimizatsiyalarni hisobga olganda, React ilovasi uchun alohida bir server tomonda render qilish yechimini yaratish maqbul yondashuv emasligi aniq bo’ladi. Ushbu freymvorklardan foydalanish orqali siz ishlab chiqish vaqtini tejashingiz, eng yaxshi amaliyotlarga rioya qilinishini ta’minlashingiz va ularning tegishli jamoalari tomonidan taqdim etilgan doimiy yangilanishlar va qo’llab-quvvatlashdan foyda olishingiz mumkin.